Konchilar salomatligining fidoyi posbonlari
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ko‘p ming kishilik jamoa ishchi-xizmatchilari hamda ularning oila a’zolari salomatligi to‘g‘risida alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. «NKMK jamg‘armasi» DM tasarrufidagi tibbiy-sanitariya bo‘limini hech bir mubolag‘asiz mamlakatimizdagi eng yirik va namunali shifo maskanlaridan biri deyish mumkin. Yaqinda shifoxonada bo‘lib, bu yerda konchilar sog‘ligini tiklash, salomatliklarini mustahkamlash borasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishar, shifokorlar bilan suhbatlashar ekanmiz, bunga yana bir bor ishonch hosil qildik.
Tibbiy-sanitariya bo‘limining moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Birgina 2019 yilda 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga turli zamonaviy davolash-diagnostika tibbiyot uskunalari, xususan, endoskopik tokchalar, o‘pkaga sun’iy nafas berish apparatlari, og‘ir ahvoldagi bemorlarning hayotiy funksiyalarini nazorat qilish monitorlari, raqamli mammograf, jigar to‘qimalari qalinligini aniqlaydigan ul’tratovushli diagnostika apparati, elektrokardiograf kabi mingga yaqin eng zamonaviy asbob-uskunalar keltirib o‘rnatilganligi, o‘tgan yili yana beshta zamonaviy “Tez yordam” mashinalari olib kelinganligi fikrimizning dalilidir. Bundan tashqari, terapiya, bolalar, anesteziologiya-reanimasiya bo‘limlari, sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, bakteriologik va OITS laboratoriyalari kapital ta’mirlanib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Polimer zanjir reaksiyasi (PZR) tashxislash tibbiy uskunasi ishga tushirildi.
Hozirgi kunda bo‘lim tarkibida sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, markaziy qabul bo‘limi, ayollar maslahatxonasi, stomatologiya poliklinikasi, bolalar poliklinikasi, kattalar poliklinikasi, “Tez tibbiy yordam”, patalogik anatomiya, funksional tashxislash, maxsus davolash, qon quyish, oftal’mologiya, ko‘p tarmoqli jarrohlik, terapiya, nevrologiya, pediatriya, rentgen, otorinolaringologiya, akusherlik-ginekologiya, yuqumli kasalliklar, anestiziya-reanimasiya, markaziy sterilizasiya bo‘limlari va tashxislash laboratoriyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shifokorlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 2019-2020 yillarda 250 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari Toshkentda malakalarini oshirishdi. 26 nafar oliy toifali shifokor qayta tayyorlandi va kardioxirurgiya, pul’monologiya, transfiziologiya, MRT, endoxirurgiya va boshqa yangi klinik mutaxassisliklarga ega bo‘lishdi. Bo‘lim shifokorlaridan K. Rahmatov, D. Jo‘raeva, A. Barnoev, N. Sharipova va U. Egamberdievlar tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega.
Bo‘lim shifokorlarining fidokorona mehnati rag‘batlantirib borilmoqda. Keyingi yillarda yuz nafardan ortiq tibbiyot xodimi “NKMK faxriysi” unvoni, 12 nafar salomatlik posboni uchinchi darajali “Konchilik shuhrati” va 23 nafar xodim “O‘zbekiston sog‘iqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni sohiblari bo‘lishdi. Terapiya bo‘limi mudiri Yelena Soy esa “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Bugungi kunda bo‘limda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni muvaffaqiyatli davolash, bu kasallikka qarshi kurashishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Yuqumli kasalliklar shifoxonasi to‘liq shu maqsadda tibbiy xizmat ko‘rsatishga o‘tkazildi. Bosh vrach Rahmatulla Amanullaev rahbarligida Gulzora Achilova, G‘afur Bo‘taev, Shermuhammad Jumaev, Jamshid Abdullaev, O‘tkir Egamberdiev singari fidoyi vrach hamda o‘nlab hamshira va kichik tibbiyot xodimlari kasallikka qarshi kurashda chinakamiga kasbiy mahorat va jasorat namunalarini namoyon etishyapti.
– Xavfli yuqumli xastalikka qarshi kurashda PZR apparati mavjud ekanligi ham qo‘l kelmoqda , – deydi bo‘lim sanitariya-epidemiologiya xizmati rahbari Fazliddin Hojiev. – Undan KOVID-19 infeksiyasiga tashxis qo‘yishda foydalanilmoqda. Bundan tashqari, infeksiya aniqlangan o‘choqlarda surishtiruv ishlari olib borilib, kasallik keng tarqalishining oldi olinmoqda. Dizenfeksiyalash ishlari ham shu maqsadga qaratilgan.
– Yuzlab salomatlik posbonlaridan iborat jamoamizda o‘z kasbining chinakam fidoyilari jamlangan desam, mubolag‘a emas, – deydi Tibbiy-sanitariya bo‘limi boshlig‘i Alisher To‘qsonov. – Boshliq o‘rinbosarlari K. Rahmatov, S. Ikramova, U. Rahmonov, sanitariya-epidemiologiya xizmati rahbari F. Hojiev, bo‘lim va bo‘linmalar mudirlari Sh. Tosheva, S. Shodiev, Ye. Soy, I. Ahtamov, G. Nuriddinova, A. Mirzaev, G. Achilova, S. Ikromov, T. Rustamov, N. Sharipova, E. Suyarov, N. Hamdamova, D. Jo‘raeva, N. Boboyorov, M. Boboeva, X. Nuraliev, Sh. Sa’dullaev, M. Ahmedov, F. Mavlonov, N. Kayasova, Sh. Norboevalar hamda ular rahbarlik qilayotgan jamoalar o‘zlarining mas’uliyatli vazifalarini sidqidildan bajarishmoqda. Tajribali va malakali shifokorlarimizdan esa I. Radjabov, R. Toshev, A. Barnoev, Sh. Teshaboev, U. Sultonov, M. Hojiev, B. Rahmatov, S. Toshev, M. Quvonov, S. Ikramova, E. Gadjieva, M. Ma’rupova, B. Qurbonova, D. To‘raeva, G. Pardaeva, R. Kamolova va K. Ishmuhammedovlar har qanday vaziyatda inson salomatligi uchun kurashib, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotganliklari alohida e’tiborga sazovor.
Biz ham konchilarning salomatlik maskanidan rahbarning yuqoridagi so‘zlariga to‘liq ishonch hosil qilgan holda qaytdik.
Jamg‘arma matbuot xizmati.