JAMG‘ARMA BOLALAR OROMGOHLARINING IBRATLI FAOLIYATI
Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan yosh-avlodga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Yoshlarning bilim va iqtidori, ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirish bilan bir qatorda, ularning mazmunli dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish ham zamonaviy talablarga mos ravishda amalga oshirilmoqda. Xususan, sog‘lomlashtirish oromgohlariga jalb etiladigan bolalarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, bu yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish va rivojlantirish dolzarb masalalar sirasidandir. Zero, yozgi ta’til bolalar salomatligini mustahkamlash, tabiatdan bahra olish uchun g‘oyat qulay fursat sanaladi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan yozgi ta’til chog‘ida mehnat jamoalari xodimlari farzandlari uchun oromgohlarga yo‘llanma berish yaxshi an’anaga aylangan. Ayni vaqtda, “Navoiyuran” davlat korxonasining oltinchi va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi” davlat muassasasining yettinchi Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi hamda har ikki tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari ana shunday xayrli ishni yo‘lga qo‘ygan.
“Havoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi” davlat muassasasi tasarrufidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida 2024 yilgi mavsum 8-iyundan boshlangan bo‘lib, 6 ta statsionar, 3 ta kunduzgi hamda 2 ta mehnat va dam olish oromgohlarida 12 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qizlarimizni maroqli dam oldirish maqsad qilingan. Bolajonlarning ushbu sevimli maskanlariga mazkur 3 ta korxonada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning farzandlari bilan bir qatorda, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, chin yetimlar, nogironligi bo‘lgan bolajonlar ham jalb qilinmoqda.
E’tiborli jihati, “Havoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi” davlat muassasasi tasarrufidagi barcha oromgohlar mamlakatimizning so‘lim va bahavo hududlarida joylashgan. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Pahlavon”, Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi “Kelajak”, Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi “Sarmish” bolalar oromgohlari baland tog‘lar bag‘rida qad rostlagan bo‘lsa, Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi “Bolajon”, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “So‘g‘diyona”, Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi “Zarafshon” oromgohlari go‘zal va betakror tabiat qo‘ynida bunyod etilgan.
Zarafshon shahridagi “Tabassum”, Navoiy shahridagi “Bulbulcha”, Uchquduq tumanidagi “Yulduz” kunduzgi, Navoiy va Zarafshon shaharlaridagi “Mash’al” hamda “Yoshlik” mehnat va dam olish oromgohlarida ham mehnatkashlarning farzandlari dam olishi ta’minlanmoqda.Kezi kelganda e’tirof etish joizki, mazkur oromgohlarni mavsumga tayyorlash jarayonida “Havoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi” davlat muassasasining kapital va joriy ta’mirlash, texnik, ovqatlantirishni muvofiqlashtirish, tijorat, kadrlar bo‘limlari, xarid qilish, davolash va sog‘lomlashtirish faoliyati, madaniyat va sport faoliyatini tashkillashtirish guruhlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va davlat tili masalalari, obyektlarni qo‘riqlashni nazorat qilish xizmatlari va Jamg‘armaning hududiy boshqarmalari, ijtimoiy obyektlar boshqarma va uchastkalari, tibbiy-sanitariya bo‘lim va qismlari, shuningdek, kasaba uyushmalari faollarining qo‘shgan hissalari beminnat va munosib bo‘ldi.
Mavsumning har bir bo‘limida barcha oromgohlarga bolalar yo‘l-patrul xizmati xodimlari kuzatuvi ostida avtobuslarda xavfsiz yetkazilishi qat’iy belgilangan. Oromgohlarga kirishdan oldin birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, yosh toifasiga qarab guruhlarga bo‘linmoqda. Tinchlik-xotirjamlik va xavfsizlik – dam olish uchun eng muhim shartlar sirasiga kiradi. Buning uchun oromgohlarimizda jamoat tartibini saqlash, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Jajji dam oluvchilarning salomatligini saqlash, turli yuqumli kasalliklarning oldini olish ham mas’ullarning doimiy e’tibor markazida. Sifatli tibbiy xizmatni tashkil etish va sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishini ta’minlash uchun malakali tibbiyot xodimlari biriktirildi. Barcha oromgohlarimiz tibbiyot xonalari zarur dori-darmon vositalari, ilon va qoraqurt zahriga qarshi zardoblar bilan ta’minlandi. “Tez yordam” mashinalarining doimiy navbatchiligi tashkil etildi.Oromgohlarimiz jamoasi oldida qiziqarli tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish kabi muhim vazifalar bilan bir qatorda, bolajonlarimizni sog‘lomlashtirish vazifasi ham muhim o‘rin egallaydi.
Ta’mirlash va obodonlashtirish, yangi jihozlar bilan ta’minlash, oldindan belgilab olingan barcha vazifalar tizimning alohida rejasi asosida risoladagidek amalga oshirildi. Mavsum boshlangandan keyin oromgohlarga mas’ul qilib tayinlangan barcha tibbiy xodimlar ehtimolda tutilgan turli kasalliklarning oldini olishga katta e’tibor qaratishmoqda. Tibbiyot bo‘limlarida shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishga va jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishga da’vat etuvchi ko‘rgazmali targ‘ibot ishlari to‘xtovsiz amalga oshirilganligi ayni muddao bo‘lmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilishga katta tajribaga ega mutaxassislar, tibbiyot xodimlari jalb etilgan.
Oromgohlarning tibbiy va pedagogik xodimlari kasalliklarning oldini olishga alohida e’tibor qaratmoqda, bolajonlarimizning oilada va maktabda olgan gigiyenik ko‘nikmalarini mustahkamlash uchun ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha tadbirlar, sog‘lomlashtirish burchaklari tanlovi o‘tkazilmoqda. Tibbiyot punktida shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslikdan kelib chiqadigan kasalliklar, bolalarda zararli odatlarga salbiy qarashni tarbiyalash bo‘yicha ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari tayyorlangan. Sanitar-gigiyenik ko‘nikmalarni singdirish, sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish, jarohatlanishlarning oldini olish, birinchi yordam ko‘rsatish mavzularida amaliy mashg‘ulotlar muntazam ravishda olib borilmoqda.
Oromgohlarimizda ovqatlantirishni tashkil etish tasdiqlangan taomnomaga muvofiq olib borilmoqda. Oziq-ovqatlarning sifatli va to‘liq assortimenti o‘z vaqtida oromgohga yetkazib berilishi qat’iy nazorat qilib borilmoqda. Ovqatlanish kombinatlarining qo‘li shirin xodimlari oromgohlar oshxonasiga jalb etilgan. Ularning mahoratlari zamirida bolalarimiz kun davomida 5 mahal ovqatlanishi tashkil etilmoqda.Oromgohlarimizda jismoniy tarbiya va sportga muhim o‘rin ajratilgan.
Guruhlarda, shuningdek, hudud miqyosida o‘tkaziladigan ertalabki gimnastika, sport va harakatli o‘yinlar, sport seksiyalaridagi mashg‘ulotlar shu mavsumdagi sport tadbirlarining to‘liq ro‘yxatiga kiritildi. To‘rt smenada sport bo‘yicha yo‘riqchilar faoliyat olib boradi. Har kuni jadvalga muvofiq guruhlarning suv havzasida suzishi tashkil etilmoqda. Umumjamoaviy musobaqalar bilan bir qatorda, oromgohning mutlaq chempioni unvoniga sazovor bo‘lish maqsadida shashka, shaxmat, stol tennisi, yengil atletika bo‘yicha shaxsiy sinovlar tashkil etilib, g‘oliblar munosib taqdirlanishi uchun ham e’tibor qaratganmiz.
Joriy mavsumda Jamg‘armaning madaniyat va sport faoliyatini tashkillashtirish guruhi hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar va davlat tili masalalari xizmati tashabbusi bilan “Kelajak” va “Zarafshon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida shaxmat-shashka maydonlari tashkil etilishi belgilangan. Ushbu tadbirlarda xalqaro miqyosdagi musobaqalarda g‘alaba qozongan shaxmatchilar ishtiroki ham ta’minlanadi.
Bolajonlarning ta’lim-tarbiyasi bilan mavsum davomida oromgohlarda malakali pedagog xodimlar ish olib bormoqda. Ular tarbiyachi, yetakchi, to‘garak rahbari uchun alohida ishlab chiqilgan dastur asosida maxsus o‘quvlarda malaka oshirdilar. Sport murabbiylari va suzish bo‘yicha yo‘riqchilarning eng munosiblarini tanlab olish ishlarini amalga oshirgan holda jalb etildi.Jamg‘arma hududiy boshqarmalari tasarrufidagi kutubxonalar oromgohlarga biriktirilib, Prezidentimiz asarlari, bolalar badiiy adabiyotlari, erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan risolalar, jurnallar bilan ta’minlab, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar berib borilmoqda. “Ma’naviyat va ma’rifat” xonalari zaruri y jihozlar bilan ta’minlandi, milliy istiqlol ruhini aks ettiruvchi turli mavzulardagi plakatlar, bannerlar, ta’lim-tarbiyaviy yo‘nalishdagi shiorlar, ko‘rgazma vositalari bilan bezatildi.
Bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirish maqsadida madaniy-tarbiyaviy tadbirlar, turli loyiha va aksiyalar tashkil etilib kelinmoqda. Oromgohlar badiiy va hujjatli filmlar, multfilm disklari bilan ta’minlandi. “Ma’naviyat xonalari” bolalar ruhiyatiga mos holda jihozlanib, kitobxonlik, kompyuter savodxonligi, sport to‘garaklari hamda madaniyat, san’at bo‘yicha qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etildi.Oxirgi yillar amaliyoti shuni ko‘rsatdiki, sport seksiyalarining, chevarlik to‘garaklarining qanchalik qiziqarli va o‘ziga jalb quluvchi bo‘lishiga qaramay, shunday bolalar borki, ularning qobiliyatlari va yaxshi tomonlarini yuzaga chiqarish uchun boshqa to‘garaklar faoliyatini ham yo‘lga qo‘yish zarurligi ma’lum bo‘ldi. Natijada guruhlarda “Kitobxonlar”, “Kulolchilik”, “Aktyorlik mahorati”, “Mohir qo‘llar”, “Sehrli ranglar”, “Kompyuter savodxonligi”, “Shashka va shaxmat” kabi to‘garaklar ham tashkil etildi.
Oromgohda bolalar ongiga sog‘lom hayot tarzi asoslari tushunchalari kiritilmoqda.Bunda Vatanimiz tarixi, rahmdillik, haqiqatguylik, yaxshilik va yomonlik, do‘stlik mavzularidagi viktorina, suhbat, disputlar muhim rol o‘ynaydi. Aytib o‘tish mumkin guruhlarda ma’naviyat burchaklari, rasmlar tanlovini tashkil etish, xalq an’analari va rasm-rusumlarini, o‘zbek tilini bilishni takomillashtirishga bag‘ishlangan tadbirlar ham bu borada katta yordam beradi.
“NKMK jamg‘armasi” oromgohlarida atrofdagi olamga, tabiatga, ona yurtimizaga g‘amxo‘rlik tarbiyasiga ham katta e’tibor qaratiladi. Oromgohlardagi yoz mavsumi – bu kattalar va bolalar jamoasining katta hayoti. Har bir tadbirni tashkil etishda shu g‘oyani ko‘rsatishga harakat qilinmoqda.“Zarafshon”, “Bolajon”, “Kelajak”, “Sarmish”, “So‘g‘diyona”, “Pahlavon”, “Bulbulcha”, “Mash’al”, “Tabassum”, “Yoshlik”, “Sarimay”, “Yulduz”, “Nurli diyor” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olgan bolalar bu yerda o‘tkazgan kunlarini hech qachon unutmaydi.
Dilshod OCHILOV,
“NKMK jamg‘armasi” DM Bosh direktori