Oshkoralik siyosati – Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyatida

Yaqin-yaqingacha Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyatini yoritmoqchi bo‘lgan hamkasblarimiz kompaniyaning jahon oltin qazib oluvchi kompaniyalar reytingida 5-o‘rinni egallashi va ayrim ko‘rsatkichlar o‘sishini foizlar ko‘rinishida ko‘rsatish bilan kifoyalangan edi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati va milliy iqtisodiyotimizning xalqaro integratsiyalashuvi jarayonlari ta’sirida kompaniya faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlardan maxfiylik belgilari olib tashlandi. Davlatimiz rahbari tomonidan tog‘-kon-metallurgiya sanoatini rivojlantirishga oid muhim dastur va puxta o‘ylangan sarmoyaviy loyihalar korxona taraqqiyotida yangi marralarni qo‘lga kiritishda imkoniyatlar eshiklarini yanada keng ochib bermoqda. Xususan, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalar tufayli kombinat mamlakatimiz sanoatida va jahonda yetakchilik salohiyatini mustahkamlab, korxonaning iqtisodiy samaradorligi yildan-yilga ortib bormoqda.

“Navoiy kon metallurgiya kombinat” aksiyadorlik jamiyatining 2021-yil yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shular haqida so‘z borar ekan, mulkiy munosabatlar va bir qator raqamlar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.