Esdalik nishonlari topshirildi

Navoiy shahrida “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni o‘z egalariga topshirildi.

Unda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, “Navoiyuran” davlat korxonasi, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasidan taklif etilgan vakillar, yoshlar, xotin-qizlar, mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov mustaqilligimiz ramzi bo‘lgan Bosh qomusimizning yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shundan so‘ng “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida faoliyat olib borayotgan 43 nafar soha ilg‘orlariga “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni topshirildi.

– Esdalik nishonini qabul qilib oldim, – deydi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Tarmoqlar va podstansiyalar sexi boshlig‘i Qahramon Hasanov. – Bu, albatta, butun jamoamizga berilgan mukofot, katta bayramga munosib sovg‘a bo‘ldi. Bunday ishonch va e’tibor biz, energetiklarni ruhlantirib, zimmamizga olgan vazifalarni sharaf bilan ado etishga chorlaydi.

A.Bo‘riyev, O‘zA