“NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi bosh direktori Dilshod Ochilovning Navro‘z bayrami munosabati bilan bayram

“NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi bosh direktori Dilshod Ochilovning Navro‘z bayrami munosabati bilan bayram tabrigi

Hurmatli jamg‘armamiz jamoasi, aziz hamkasblar!

Navro‘z bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qat’i nazar, shu yurtda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom. Keksayu yosh uchun birdek aziz shodiyona.

Ana shu ulug‘ ayyom – sharqona yangi yil bilan butun jamoamiz ahlini va ularning oila a’zolarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Shunday fayzli ayyomda barcha yurtdoshlarimizga, sohada fidoyilik bilan mehnat qilayotgan Siz azizlarga eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Sizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Xalqimiz azal-azaldan Navro‘zni «Yilboshi» deb bejiz atamagan. Sababi aynan shu bayram kirishi bilan dala-dashtlar yangi qiyofaga kiradi, go‘yoki ko‘klamning mayin shabadasi har birimizning ko‘nglimizga huzur bag‘ishlashi bilan birga, butun borliqni uyg‘otib, g‘ayrat-shijoat baxsh etayotgandek.

Bu yilgi Navro‘z tantanalari jamg‘armamizda ham o‘zgacha bir ruhda, yangiliklarga boy tarzda o‘tkazildi. Boisi, Davlatimiz Rahbarining 2025 yil 21 fevral kuni qabul qilingan “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra joriy yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlandi.

Mamlakatimizda joriy etilgan “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida joriy yilda jamg‘arma tizimidagi barcha bo‘linmalar hududlariga ikki yarim mingdan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Natijada obyektlar atrofida ekologik muhit yanada yaxshilanib, ishchi-xodimlarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qilmoqda.

Joylardagi hududiy boshqarmalarimiz, bo‘linma va uchastkalarda tashkil etilgan bayram tantanalarida bahoriy milliy taomlarning ko‘rgazmalari tashkil etilib, turli sport musobaqalari o‘tkazildi. Qisqa qilib aytganda, Navro‘z bayrami tantanalari jamg‘armamizda chin ma’noda xalq sayliga aylanib ketdi.

Bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar samarasi o‘laroq, millatlararo do‘stlik va totuvlik muhiti ham tobora mustahkamlanib bormoqda.

Ayni paytda jonajon yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv, og‘a-inilardek yashamoqda. Ko‘p millatli muassasamizda ham ular bir tanu bir jon bo‘lib, ahil inoqlikda, bir maqsad yo‘lida mehnat qilishmoqda. Navro‘z bayrami esa ularni yanada jipslashtirib, do‘stlik va birodarlik muhitining mustahkamlanishida muhim o‘rin tutadi.

Qadrli do‘stlar!

Jamg‘armamiz jamoasiga sharqona yangi yilimiz baxt va shodlik, quvonch va xursandchilik olib kelishiga tilakdoshman.

Siz, azizlarni Navro‘zi ayyom bilan chin yurakdan muborakbod etar ekanman, bayram shukuhi kezib yurgan ushbu nurli lahzalarda barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat, qilayotgan ezgu ishlaringizga fayzu barokat tilayman.

Navro‘z – kirib kelgan yilboshi ilohim yurtimizga qut-baraka, xalqimizga tinchlik, xotirjamlik va farovon hayot olib kelsin. Har bir xonadon baxt va quvonch qo‘rg‘oniga aylansin!

Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!