2025-yil 4–9-may kunlari Ozarbayjonning Guba shahrida o‘tkazilgan xalqaro “I am proud of Being Azerbaijani” (“Men o‘zimni ozarbayjonlik deb faxrlanaman”) nomli tanlov-festivalda “NKMK jamg‘armasi”ning “Farhod” madaniyat saroyi qoshidagi “Marvarid” milliy raqs ansambli munosib ishtirok etdi.
Festival buyuk davlat arbobi, Ozarbayjon milliy lideri Haydar Aliyev tavalludining 102 yilligiga bag‘ishlandi. Unda 8 davlatdan 17 dan ortiq ijodiy jamoa, shu jumladan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Rossiya, Shimoliy Kipr, Ozarbayjon va Osetiyadan jamoalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston sharafini himoya qilgan “Marvarid” ansambli sahnada o‘zbek xalqining boy madaniy merosi va milliy raqs san’atini namoyish etdi. Yorqin liboslar, nafis harakatlar va samimiy ijro barchaning e’tiborini tortdi.
Mazkur nufuzli san’at bayramida O‘zbekiston vakillari munosib ishtirok etib, o‘z chiqishlari bilan hakamlar va tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘lishdi va tanlovning oliy o‘riniga munosib ko‘rildi.
🎤 Malika Jabborova, ansamblning badiiy rahbari:
“Bunday nufuzli festivalda ishtirok etish biz uchun katta sharaf bo‘ldi. Har bir raqs orqali o‘zbek xalqining qalbi, go‘zalligi va an’analari aks ettirildi. Tomoshabinlarning samimiy olqishlari bizga ruh berdi. Bu kabi xalqaro tadbirlar madaniyatlararo muloqotga, do‘stlik va hamkorlikka xizmat qiladi. Jamoam bilan faxrlanaman.
Ansambl ishtirokchilari faxriy diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. “Marvarid” jamoasi bu orqali yana bir bor milliy san’atimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirdi.
«NKMK jamg‘armasi» DM Axborot xizmati.