JAMG‘ARMA MUTAXASSISI “MA’NAVIYAT FIDOYISI” DEB E’TIROF ETILDI

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Jamg‘arma direktori D. Ochilov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Navoiy viloyati bo‘limi rahbari R. Hayitov, boshqarma jamoasi ishtirok etib, mustaqillikning bebaho qadri, uning xalqimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.

Mazkur tantanada viloyatning ma’naviy-ma’rifiy hayotida faol ishtirok etib kelayotgan, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz ma’naviy tafakkurini yuksaltirish yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan “NKMK jamg‘armasi” DM direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jonibek Shuhratov “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu mukofot uning ko‘p yillik mehnati, tashabbuskorligi va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi izchil faoliyatiga berilgan munosib e’tirof bo‘ldi.
Tadbir doirasida, shuningdek, 7-sonli Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan “Mustaqillik haqida bilganlarimiz” mavzusida qiziqarli savol-javoblar tashkil etildi. Unda jamg‘arma xodimlari faol ishtirok etib, tarixiy jarayonlar va mustaqillik saboqlari yuzasidan bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. G‘oliblarga esa esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bayram tadbiri barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi, mustaqillik ne’matining qadrini anglash, uni asrab-avaylash va yanada mustahkamlash barchamizning sharafli burchimiz ekani yana bir bor ta’kidlandi.

“NKMK jamg‘armasi” DM Axborot xizmati.