Daromad, rentabellik va tejamkorlik: Jamg‘armada tizimli nazorat va tahlil kuchaytiriladi

“NKMK jamg‘armasi”da tizimli nazorat hamda tahlil kuchaytirilmoqda. 2025-yil uchun belgilangan masalalarni, jumladan, daromadlarni oshirish, xarajatlarni kamaytirish, energiya tejamkorligini kuchaytirish ijro etilmoqda. Yig‘ilishda ijro intizomi, xarajatlar va rentabellikni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

 

“NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasida Jamg‘arma direktori rahbarligida kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish kun tartibiga bir qator dolzarb masalalar kiritildi. Jumladan, Jamg‘arma tizimida ijro intizomining holati, Vasiylik kengashining 2023-yil 25-dekabrdagi 4-son yig‘ilishi bayoni bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan topshiriqlarning (9 va 11-bandlar) bajarilishi muhokama qilindi.

Shuningdek, Jamg‘armaning 2025-yilda pullik xizmatlar bo‘yicha daromadlarni ko‘paytirish, energiya samaradorligini oshirish hamda xarajatlarni kamaytirish yuzasidan belgilangan “Yo‘l xaritasi” ijrosi, ovqatlanish kombinati oshxonalarida erkin savdodagi pul tushumlari tahlili ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda 2025-yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasining ijrosi, faoliyati davomida zarar bilan ishlayotgan bo‘linmalar daromadi va rentabellik darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan hamda kelgusida bajarilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan ham hisobotlar tinglandi.

Bundan tashqari, Jamg‘arma obyektlarida energiya resurslari hamda yoqilg‘i-moylash materiallari sarfi tahlil qilinib, qora va rangli metall parchalari topshirish rejasining bajarilishi yuzasidan masalalar muhokama etildi.

Videoselektor yig‘ilishida Jamg‘armaning bo‘lim va xizmat boshliqlari, hududiy boshqarma boshliqlari, Navoiy maydoni bo‘limlari rahbarlari hamda mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi. Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha mas’ul xodimlarning hisobotlari eshitilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish yakunida ijro intizomini kuchaytirish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, energiya tejamkorligini oshirish hamda hududiy obyektlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

«NKMK jamg‘armasi» DM Axborot xizmati.