Navoiy kon-metallurgiya kombinati: yangi davrning yangi moʻjizalari

Ayonki, “Navoiy kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining asosiy faoliyati mamlakatimizdagi yuqori likvidli tabiiy qazilma boyliklarni qazib olish orqali yurtimiz iqtisodiy barqarorligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan. Oltin ishlab chiqarish bu borada yetakchi yoʻnalish hisoblanadi.

Garchand NKMK faoliyatida oʻtgan asrning ikkinchi yarmi “Qizilqumning oltin asri hisoblansada”, yangi asrga kelib korxona tuzilmalarida tub islohotlarni, keng koʻlamdagi rekonstruksiya va modernizatsiya tadbirlarini amalga oshirish, ruda qazib olishdan tortib uning transportirovkasi, oltin va uran ajratib olishdan affinajgacha — barcha-barchasida eng ilgʻor texnologiyalarni joriy etish fursati allaqachon yetgan edi.

Shu jihatdan Prezidentimiz tashabbusi bilan Navoiy kon-metallurgiya kombinatini rivojlantirishning 2017-2026-yillarga moʻljallangan bir yoʻla ikki dasturi qabul qilinishi Qizilqum qazilma boyliklarini oʻzlashtirish tarixida yana bir oltin sahifani ochdi, desak, mubolagʻa emas. Ularga koʻra, 27 ta investitsiya loyihasi uchun 3,4 milliard AQSH dollari miqdorida sarmoya yoʻnaltirilishi natijasida qimmatbaho metallar ishlab chiqarish hajmi ortib, bir necha minglab yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda.

— Soʻnggi besh yil davomida kombinatning investitsiya faoliyati uchun mablagʻlarning sarflanishi tahlili shuni koʻrsatadiki, 2015-2017-yillarda investitsiya mablagʻlarning 59 foizdan 68 foizigacha boʻlgan qismi korxonaning mavjud quvvatlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilishga yoʻnaltirilgan, — deydi “NKMK” AJ Byudjetlashtirish va kontroling boʻlimi boshligʻi Umidjon Kostayev. — 2026-yilgacha qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha dasturning amalga oshirilishi bois 2018-yildan boshlab kombinat investitsiya siyosatini moliyalashtirish yoʻnalishlarida investitsiya mablagʻlari nisbati sezilarli oʻzgardi. Bunda yangi qurilish uchun ajratilgan mablagʻlarning ulushi ustunlik qildi. Bu shuni anglatadiki, kombinat qimmatbaho metallarning yangi konlarini oʻzlashtirish, qazib olish va ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni barpo etishni faol ravishda boshladi.

Dasturning yirik loyihalaridan biri –“NKMK” AJ Markaziy kon boshqarmasiga qarashli 7-gidrometallurgiya zavodi hamda va “Murintov” koni 5-navbati 1-bosqichining muddatidan oldin foydalanishga topshirilishi navoiylik konchilarning mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz yilligiga ajoyib bayram tuhfasi boʻlgan edi.

— 7-gidrometallurgiya zavodi NKMK tarkibidagi turdosh korxonalardan texnologik jihatdan tubdan farq qiladi, — deydi korxona bosh muhandisi Otabek Ravshanov. — Yaʼni 7-gidrometallurgiya zavodi quvvatlarida tarkibida oltin kam boʻlgan maʼdan eng murakkab jarayonlar orqali, yaʼni kislotali ishqorda qayta ishlanib, mahsulot ajratib olinadi. Eng muhimi, mazkur jarayonlarda ishlatilayotgan kimyoviy vositalarning respublikamizda ishlab chiqarilgani mahsulot tannarxi yanada arzonlashishini taʼminlaydi. Shuningdek, uskunalarning oddiy murvatchasidan tortib yirik gabaritdagi gubchagigacha NKMK tizimidagi Navoiy mashinasozlik zavodi sexlarida tayyorlanib, ularni yigʻish ishlari Zarafshon qurilish boshqarmasi hamda Markaziy kon boshqarmasi mutaxassislari va ishchilari tomonidan bajarilgani qurilish ishlarida grafikdan oʻzish bilan birga qariyb 56 million AQSH dollariga teng mablagʻni tejash imkonini berdi. Ushbu zavod toʻla quvvat bilan ishga tushirilgach, yiliga 15 million tonna texnogen chiqindilar qayta ishlanadi va qoʻshimcha oltin ishlab chiqariladi. Yangi quvvatlarda 4 mingdan ortiq kishi bandligi taʼminlandi.

Markaziy kon boshqarmasi kombinatning rudani qazib olishdan to uni tashish, qayta ishlash va oltin ajratib olishgacha boʻlgan jarayonlarni oʻzida jamlagan yirik sanoat majmuasidir. Tabiiyki, bu taxlit bogʻliqlik har bir yangilanishda, aytaylik, 7-gidrometallurgiya zavodining ishga tushirilishi uning xom-ashyo manbai – Murintov konida ham hamqadamlikni taqozo etadi.

Murintov koni dunyo konchiligi tarixida “Asr moʻjizasi” sifatida tan olingan. 2021-yil yakunlariga koʻra (qatorasiga ikkinchi yil), u nufuzli “KITKO” tahlil markazi tomonidan oltin qazib oluvchi yetakchi konlar boʻyicha tuzilgan roʻyxatda birinchi oʻrinni egalladi. “KITKO” tahlillari rudani qazib olish, yuqoriga chiqarishgacha boʻlgan jarayonlarning bir qator mezonlariga asoslanadi. Bunda, ayniqsa, tik-qiyali konveyer – KNK-270 ning qoʻllanishi dunyo konchiligida yangi davrni boshlab berganligi inobatga olingan.

“Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ hayotida roʻy bergan eng muhim yangilanish bu korxonada mulkiy munosabatlarning bozor mexanizmiga asoslangan shakliga oʻtkazilishi bilan ham bogʻliq.

Taʼkidlash joiz, bugungi kunda kombinatni isloh qilish boʻyicha qabul qilingan qarorlarning amaldagi ijrosi sifatida “Navoiy KMK” DK mulki negizida uchta alohida yuridik shaxs – “Navoiy KMK” AJ, “Navoiyuran” Davlat korxonasi va “NKMK jamgʻarmasi” Davlat muassasasi tashkil qilingan.

Kombinat tomonidan ishlab chiqarilgan oltinning dunyo bozorida xaridorgirligi birinchi navbatda uning yuqori sifati bilan izohlansa, ikkinchidan, mahsulotning raqobatbardoshligi, yaʼni oltin tannarxining boshqa ishlab chiqaruvchilar tannarxiga nisbatan arzonligidir. Bu tadbir kombinat mehnat jamoasi erishgan yana bir yutuqdir.

Mahsulot tannarxining pasayishi oʻz navbatida faoliyatning yakuniy moliyaviy natijalariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Jumladan, oʻtgan 2021-yilda kombinat tomonidan mahsulot tannarxini kamaytirishga qaratilgan taʼsirchan chora-tadbirlar natijasida 1 010 mlrd. soʻm mablagʻlar iqtisod qilinib, mahsulot tannarxini 7,3 foizga kamaytirishga erishildi. Natijada kombinat faoliyatining oʻtgan yil yakuni boʻyicha sof foydasi 11,5 trillion soʻmni tashkil etib, mahsulot ishlab chiqarishning rentabellik darajasi 44 foizdan yuqori boʻldi.

Darhaqiqat, mamlakatimizdagi ushbu gigant korxonada mahsulot ishlab chiqarish hajmining ijobiy dinamikasi ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirish boʻyicha yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga taʼminlanmoqda. Chunonchi, yirik va strategik ahamiyatga ega boʻlgan “Uyumda eritmaga oʻtkazish sexi texnogen chiqindilarini qayta ishlash majmuasini qurish” investitsiya loyihasi boʻyicha 7-sonli gidrometallurgiya zavodi, “2-gidrometallurgiya zavodi qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish” investitsiya loyihasi doirasida 30-31-tegirmon bloklari, “Auminzo-Amantoy maʼdanli maydonida oltin maʼdanlarini qazib olish va qayta ishlash majmuasini qurish” investitsiya loyihasi doirasida 1-2-tegirmon bloklari foydalanishga topshirilishi natijasida 2021-yilda oltin ishlab chiqarish hajmi 2016-yilga nisbatan 114 foiz va kumush 145 foizni tashkil qildi. Joriy yilda esa ular qatoriga Balpantov va Tomdibuloq konlarining qoʻshilishi ishlab chiqarish hajmini yanada oshirishi shubhasiz.

Comments

  1. Salom, men fikr bildiruvchiman.
    Fikrlarni tasdiqlash, tahrirlash va o’chirishni boshlash uchun boshqaruv panelidagi Fikrlar bo’limiga o’ting.
    Fikr bildiruvchilar avatari Gravatar orqali ko’rsatiladi.