EL-YURT UCHUN RIZQ YO‘LI “DO‘STLIK” AGROFIRMASI 65 YOSHDA

Mamlakatimizning eng qudratli sanoat korxonalaridan biri hisoblangan “NKMK” AJ hamda uning yirik va ko‘p tarmoqli agro qayta ishlash majmuasi – “Do‘stlik” agrofirmasining bugungi taraqqiyot odimlari hamda erishayotgan ulkan yutuqlarida ham mamlakatimiz Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan hayotbaxsh qonun-qoida va imkoniyatlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etganligi, shubhasiz. Agrofirma vujudga kelgan dastlabki davrdan hozirgacha bosib o‘tilgan, tom ma’noda ulkan bunyodkorlik yo‘liga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu yaqqol namoyon bo‘ladi.

Agrofirma bundan roppa-rosa 65 yil muqaddam, 1959-yilda Navoiy (hozirgi Karmana) tumani hududidagi 270 gektar maydonda meva-sabzavotchilik va sut ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan davlat xo‘jaligi sifatida tashkil etilgandi. Shundan keyingi yillar esa, haqiqatdan ham uning jadal rivojlanish davriga aylandi. 1965-yilda tumanning Malikrabot massivida o‘zining loyiha asosidagi irrigatsiya-melioratsiya tizimiga ega 2000 gektardan oshiq ekin yeri, mexanizatsiya parki va ishchi-xizmatchilar uchun turar-joylar, bog‘cha va maktab infratuzilmalari mavjud davlat qishloq xo‘jaligi korxonasiga asos solindi. Shundan buyon o‘tgan davr uning chinakam taraqqiyot yillari bo‘lganligi, nafaqat kombinat, balki Navoiy viloyati, qolaversa, mamlakatimizdagi yirik va ko‘ptarmoqli zamonaviy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish subyektiga aylantirdi.

1972-yilda 240 tonna meva va sabzavotlarni qayta ishlab, yiliga 600 ming shartli banka konserva ishlab chiqarish quvvatiga ega sex qurilib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda bu yerda har yili 500-600 tonnadan ortiq tayyor mahsulot ishlab chiqarilmoqda. 2000-yilda sexda “Doy-Pak” tipidagi paketlariga sharbat qadoqlash zamonaviy texnologiyasi joriy etildi.

Oradan 10 yil o‘tib, 1982-yilda chorvachilik kompleksi qurilib, ishga tushirildi. Undan qoramolchilik, parrandachilik, qo‘ychilik va baliqchilik sohalari o‘rin oldi. 1999-yilda chorvachilik kompleksi tasarrufida qo‘ychilik brigadasi tashkil qilinib, 450 bosh qo‘y olib kelindi. Bugungi kunga kelib, ularning soni 7000 boshdan oshgan. 2002-yilda naslli qoramollar fermasiga asos solinib, 215 bosh “Qizil cho‘l” naslli yosh  mollar olib kelindi.

1996-yilda “Do‘stlik” agrofirmasi nomini olgan xo‘jalikda mahsulot ishlab chiqarish ko‘lamlari va turlari kengaytirib borildi. 2004 yilda sutkasiga 5 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega sex qurib ishga tushirildi. Hozirgi kunda sexda yiliga 1 000 tonnadan ortiq 9 turdagi tayyor sut mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Oradan bir yil o‘tib, golland pishlog‘i ishlab chiqarish texnologiyasi o‘zlashtirildi va bugunga kelib, yiliga 30 tonna “Edem” navli pishloq ishlab chiqarilmoqda.

2006-yilda qoramolchilik fermasiga naslchilik xo‘jaligi maqomi berildi. Dunyoda sut yo‘nalishidagi eng mahsuldor Golshtin zotini mintaqamizda rayonlashtirish maqsadida qizil-ola tusli nasl tanlandi va hozirda 70 foizdan oshiq nasli yaxshilangan podaga erishildi. 2009-2010-yillarda hukumatimiz topshirig‘i asosida chet eldan 460 bosh naslli yosh qoramollar olib      kelindi. Shundan so‘ng, 30000 bosh tuxum olishga mo‘ljallangan zamonaviy texnologiyali parrandachilik fermasi ishga tushirildi. Ayni vaqtda bu yerda yiliga 8 mln dona tuxum ishlab chiqarilmoqda. 2012 yilda parrandachilik fermasida qo‘shimcha ravishda kletka usulida broyler jo‘ja boqish texnologiyasi va qushxona joriy etildi hamda yiliga 150 tonna parranda go‘shti  yetishtirilishiga erishildi.

Agrofirmada bog‘dorchilik ham har jihatdan rivojlantirilmoqda. 2015-yilda Nurota tumanida mexanik ekish usulida 100 gektar maydonda tomchilab sug‘orish tizimli intensiv mevali bog‘ barpo etildi. Shuningdek, Nurota uchastkasida qo‘shimcha tomchilab sug‘orish tizimli 3 gektar yong‘oqzor hamda “Do‘stlik” o‘simlikchilik uchastkasida 1 gektar mevali intensiv bog‘ barpo etildi.

Xo‘jalikda issiqxona xo‘jaligi ham rivojlantirilmoqda. Hozirgi kunda 1 gektarga yaqin issiqxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda tomchilab sug‘orish tizimi joriy etildi. Issiqlik va havo almashtirish tizimi Aqlli issiqxona loyihasi asosida olimlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yildi. Bodring, pomidor, ko‘kat, limon ko‘chatlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, 15 nafar kishi ish bilan ta’minlandi. Sanoat hududining bo‘sh turgan ochiq maydonlarida kichik issiqxonalar tashkil etilib, ko‘chatchilik yo‘lga qo‘yilgan holda, 40 ming tup nina bargli, 100 ming tup dekorativ ko‘chatlar va boshqa gul ko‘chatlari va ko‘katlar o‘stirilmoqda.

Yakuniga yetib borayotgan 2024-yilda “Do‘stlik” agrofirmasida qator istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Jumaladan, sog‘im sigirlarning sut berish mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini nazorat qilib borish maqsadida, sog‘im zali uchun sut o‘lchagichlar o‘rnatildi. Agrofirma sharoitida mavjud binolardan samarali foydalanishda, inkubator qurilmasi orqali jo‘ja chiqarish yo‘lga qo‘yish loyihalari amalga oshirilmoqda. Sutni qayta ishlash sexida, sexning to‘liq quvvati doirasida ishlashini ta’minlash uchun quruq sutdan qo‘shimcha sut xom ashyosi va tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘l qo‘yildi. Kelgusida poda naslini yaxshilash va sut mahsuldorligini oshirishda mahsuldorligi yuqori bo‘lgan naslli sog‘im sigirlarni xarid qilish bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazilmoqda.

Shu kecha-kunduzda o‘zining 65 yilligini nishonlayotgan Agrofirmaning ibratli faoliyati xususida har qancha gapirsak ham oz. Bir so‘z bilan aytganda, “NKMK jamg‘armasi” DM tasarrufidagi “Do‘stlik” agrofirmasi o‘zining zamonaviy sanoat va innovatsion yechimlar tatbiq etayotgan bo‘linmalariga ega ko‘p tarmoqli, 557 ish o‘rniga ega yirik hamda zamonaviy xo‘jalikka aylandi va mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.

Men imkoniyatdan foydalanib, jamoa rahbariyati, barcha ishchi- xizmatchilari hamda muhandis-texnik xodimlarini “Do‘stlik” agrofirmasining 65 yilligi bilan tabriklayman, kelgusi faoliyalartida yangidan-yangi yutuqlar tilayman!

Dilshod OCHILOV,

“NKMK jamg‘armasi” DM

Bosh direktori