“BIZ — KIBERJINOYATLARGA QARSHIMIZ” MAVZUSIDA DAVRA SUHBATI

Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va Navoiy kon metallurgiya kombinati Ichki ishlar bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining 28.02.2025-yildagi №26-sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash yuzasidan, “Navoiy kon metallurgiya kombinati jamg‘armasi” davlat muassasasida kompleks tadbirlar o‘tkazilib, kiberjinoyatchilikni oldini olish va internet tarmoqlaridan to‘g‘ri foydalanish mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.

Unda tegishli soha mutaxassislarining mavzuga oid ma’ruzalari tinglanib, videoroliklar namoyish etildi.

Davra suhbatida kiberxavfsizlik, kiberjinoyat, uning mazmun va mohiyati, kiberjinoyatdan saqlanish, kiberjinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qonunda belgilangan jazo to‘g‘risida, shuningdek, aholi orasida jinoyatchilikni oldini olish va uning zararli oqibatlari haqida ma’lumotlar berildi.

Tadbirda Navoiy shahar imom xatibi Dilshod Ergashev ham ishtirok etdi. Navoiy shahar imom xatibi bugungi kunda firibgarlikni kasb qilib, dinni niqob qilib olish darajasigacha chiqqanligi, imomlar yoki masjid nomidan foydalanib, firibgarlik qilish holatlari uchrayotgani haqida misollar bilan ma’lumotlar berib o‘tdi.

 

“NKMK jamg‘armasi” DM Axborot xizmati.