“Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi” tasarrufidagi Bosmaxona tashkil etilganining 60 yilligi munosabati bilan “Farhod” madaniyat saroyida bayram dasturi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda Bosmaxonaning faxriy xodimlari, jamoa a’zolari, soha vakillari hamda mehmonlar ishtirok etdilar. Tadbir bayramona ruhda, yillar davomida korxonaning shakllanishi va taraqqiyot yo‘lida fidokorona mehnat qilgan insonlarga ehtirom ifodasida o‘tkazildi.

Bayramni “NKMK jamg‘armasi” DM direktori Dilshod Ochilov ochib berdi. U o‘z tabrigida Bosmaxonaning 60 yillik faoliyati davomida bosib o‘tilgan yo‘l, erishilgan yutuqlar va jamoa fidoyiligi haqida to‘xtalib, barcha xodimlarni muborakbod etdi.

— “Bosmaxona — bu nafaqat ishlab chiqarish maskani, balki mehnat faxriylari va yosh mutaxassislarning tajriba, mehr va sadoqat uyg‘unlashgan jamoasidir. Sizlarning halol mehnatingiz kombinatsiya obro‘si va nufuzining tarkibiy qismiga aylangan,” — dedi Dilshod Ochilov o‘z nutqida.
Tadbir davomida o‘zining ko‘p yillik samarali mehnati, mas’uliyati va soha rivojiga qo‘shgan hissasi bilan ajralib turgan xodimlar taqdirlandi.
Poligrafiya jihozlarini sozlash va ta’mirlash xizmati muhandis-elektronigi Xalilov Nurali Nasimovich 3-darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.
Poligrafiya mahsulotlarini tashkillashtirish va ishlab chiqarish bo‘yicha xizmati tekis bosma bosmalovchisi Nazarov Ilhom Irkinovich esa “NKMK faxriysi” unvoniga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, bir guruh fidoyi xodimlarga “NKMK jamg‘armasi”ning faxriy yorliqlari ham topshirildi.
Tadbir davomida Bosmaxona jamoasining faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlarida erishilgan natijalar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdagi yutuqlar aks etgan albom ishtirokchilarga taqdim etildi. So‘ngra «Farhod» madaniyat saroyi ijodkorlarining badiiy dasturi bilan yakun topgan bayram kechasi barcha ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashdi.
«NKMK jamg‘armasi» DM Axborot xizmati.
