Oshpazlik – insoniyat tarixida eng qadimiy va eng zarur kasblardan biridir. Qadim zamonlardan buyon taom tayyorlash san’atini mukammal egallagan, o‘z qo‘li mohirligi va didi bilan boshqalardan ajralib turgan insonlar har doim e’tibor markazida bo‘lib kelgan. Bugungi kunda esa oshpazlik nafaqat kasb, balki ijod, mahorat va estetik zavq uyg‘otuvchi san’at darajasiga ko‘tarilgan.

Shu an’anani davom ettirish, “NKMK jamg‘armasi” tizimidagi oshpazlarning kasbiy salohiyatini oshirish, tajriba almashish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi” davlat muassasasi hamda 7-sonli birlashgan Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan oshpazlar o‘rtasida professional mahorat tanlovi tashkil etildi.

Tanlov Jamg’armaning Paxtachi tumanidagi “Bolajon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yuqori saviyada o‘tkazildi. Tadbir tantanali ochilish marosimi bilan boshlandi. Unda ishtirokchilarni «NKMK jamg’armasi» direktori Dilshod Ochilov, NKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi o’rinbosari Otabek Temirov hamda O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi vakillari tabriklab, ularga omad tiladilar.

Mazkur tanlovning bosh maqsadi ovqatlanish kombinatlari tarkibida faoliyat yuritayotgan oshpazlarning kasbiy mahoratini yuksaltirish, tajriba almashish, yangi g‘oyalarni ilgari surish hamda milliy taom tayyorlash san’atini targ‘ib etishdan iboratdir.

Tanlov reglamenti, baholash mezonlari va ishtirokchilarning vazifalari aniq belgilangan bo‘lib, unda “Navoiy”, “Zarafshon”, “Uchquduq”, “Nurobod” va “Zafarobod” hududiy boshqarmalarining ovqatlanish kombinatlaridan uch nafardan tajribali oshpazlar qatnashdi.
Tanlov ishtirokchilari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Oziq-ovqat ta’minoti “Navoiy” ovqatlanish kombinati omborxonasidan ajratildi.
Transport xizmatini esa Jamg‘arma Transport va logistika bo‘limi ta’minladi.
Shuningdek, ishtirokchilar uchun qulay ish muhiti, zamonaviy oshxona jihozlari va barcha zarur texnik vositalar bilan jihozlangan joylar tayyorlandi.
Baholash jarayoni – adolatli va shaffof
Tanlov jarayonida oshpazlarning mahoratini O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi Bosh texnologi Tolibjon Umaraliyev boshchiligidagi hakamlar hay’ati baholab bordi.
Hakamlar nafaqat taomning mazasi va sifati, balki bezatish uslubi, taom taqdimoti, gigiyenik talablarga rioya etilishi, ijodiy yondashuv kabi mezonlarga ham e’tibor qaratdilar.
Tanlov yakunida barcha hududiy boshqarmalarning oshpazlari turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar:
🏆 “Eng zo‘r mahoratli oshpazlar guruhi” — Zafarobod boshqarmasi oshpazlari.
🍽 “Eng chiroyli bezatilgan dasturxon” — Zarafshon oshpazlari.
🍛 “Eng zo‘r milliy taom uchun” — Uchquduq ovqatlanish kombinati jamoasi.
🍝 “Eng zo‘r Yevropa taomi uchun” — Navoiy shahri oshpazlari.
🎨 “Eng chiroyli taomlar taqdimoti uchun” — Nurobod oshpazlari.
Mazkur tanlov nafaqat oshpazlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirdi, balki ularga o‘z iqtidorini namoyish etish, yangi tajriba orttirish, milliy va xorijiy taomlar bo‘yicha yangicha g‘oyalarni amalda sinab ko‘rish imkonini ham berdi.
Shu tarzda o‘tkazilgan “Oshpazlar o‘rtasida mahorat tanlovi” “NKMK jamg‘armasi” tizimida oshpazlik san’atining nufuzini yanada yuksaltirish, yosh kadrlarni rag‘batlantirish va milliy oshpazlik an’analarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim tadbir bo‘ldi.
«NKMK jamg’armasi» DM Axborot xizmati.
