«Nurobod» sanatoriy-profilaktoriysi o‘z sport maydoniga ega bo‘ldi

Bugun «Nurobod» hududiy boshqarmasiga qarashli «Nurobod» bolneologik sanatoriy-profilaktoriysida qurib bitkazilgan «Madadkor» mini futbol o‘yingohining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur o‘yingohning ochilish marosimi Nurobodda bayram tusini oldi. «Nurobod» madaniyat uyi ijodiy jamoalarining chiqishlari, Maxsus kiyim tikish sexi tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma mehmonlar va dam oluvchilarga bir olam zavq ulashdi.

Tadbirda Janubiy kon boshqarmasi, «Navoiyuran» DK «Nurobod» ishlab chiqarish maydoni, tuman hokimligi va jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.

«NKMK jamg‘armasi» DM Bosh direktori D.Ochilov va NKMK xodimlari kasaba uyushmasi kengashi raisi I.Raxmatovlar mazkur ishga bosh qo‘shgan barcha tashabbuskorlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

— Sanatoriyamizda mini futbol o‘yingohi qurilishida «Nurobod» hududiy boshqarmasining hech bir jamoasi chetda turmadi, — deydi «Nurobod» hududiy boshqarmasi direktori, Samarqand viloyat Kengashi deputati Anvar Muratov. — Shuning uchun o‘yingohdagi birinchi futbol bahsi mazkur maydonni bunyod etishda beminnat ishtirok etgan do‘stlarimiz ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

«Madadkor» mini futbol maydonchasi 7-sonli Birlashgan Kasaba uyushmasi qo‘mitasi va Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan bunyod etildi.

«NKMK jamg‘armasi» DM Axborot xizmati.