📰 “Founterra” jamoasi xalqaro tanlovlarda yuksak natijalarga erishdi

2026-yil 1-iyun kuni Toshkent shahrida VI “Yozgi yulduzlar” xalqaro ko‘p janrli tanlovi bo‘lib o‘tdi. Nufuzli tadbir O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Adliya hamda Madaniyat vazirliklari ko‘magida “Iqtidorli bolalar” xalqaro innovatsion jamoat birlashmasi tomonidan tashkil etildi.

Mazkur tanlovda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qoraqalpog‘iston va O‘zbekistondan kelgan iqtidorli yoshlar qatorida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi”ga qarashli “Oltin vodiy” madaniyat saroyining “Founterra” vokal jamoasi solistlari ham munosib ishtirok etdi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, “Estrada vokali” nominatsiyasida Sarsenov Saken Gran-pri mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bukina Olga esa faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Shu kunning o‘zida jamoa “Tashkent Spring Festival” II xalqaro tanlov-festivalida ham qatnashib, yana bir bor yuqori natijalarni qayd etdi. Kuchli raqobatga qaramay, “Founterra” jamoasi a’zolari “Oltin vodiy” madaniyat saroyi sharafini munosib himoya qildi.

Natijalarga ko‘ra, Sarsenov Saken yana Gran-pri sohibiga aylandi. Eshpulatova Nazokat, Bukina Olga hamda Shodiyeva Shukrona esa 1-o‘rinni egalladi.

Mazkur yutuqlar jamoaning tinimsiz mehnati, san’atga bo‘lgan sadoqati hamda ustoz-murabbiylarning fidokorona sa’y-harakatlari samarasi hisoblanadi. Xususan, jamoa rahbari Muzaffarova Sinora Avazxonovnaning xizmatlari alohida e’tirofga loyiq.

“Founterra” vokal jamoasi erishgan ushbu muvaffaqiyatlar nafaqat jamoa, balki butun hududimiz san’atining xalqaro maydondagi nufuzini yana bir bor namoyon etdi.